×

dead_j(25)

Qiz uzatish, kelin tushirishning 10 muhim qoidasi

Qiz uzatish, kelin tushirishning 10 muhim qoidasi
Полезные
13.10.2016, 14:50
1454
0

Baxtli ayol ekanligingiz rost. Taqdir dunyodagi qancha yaxshi ayollar qolib, sizga shu munisa qizni dunyoga keltirish baxtini muyassar qilibdi. Taxtli ayol ekaningiz haqiqat, dunyoda qancha oilalar o`g`illarni tilab turgan paytda, Yaratgan sizni pahlavon bilan siylabdi. Qizingizni pokiza voyaga yetkazdingiz, yedirib-ichirdingiz, har qadamida sherik bo`ldingiz, bilganlaringizni o`rgatib, xatolarini ko`rsatdingiz. O`g`lingizga o`zingizdan ko`ra ko`prog`ini berishga va ko`rsatishga urindingiz, unga atab uy qurdingiz, tole`ini tilab o`y surdingiz. Endi ular patlari patila polaponga o`xshab, uchirmaga tayyorlanayapti. O`g`lingizu qizingiz oliy ma`lumotli bo`lishi mumkin, biroq hayot maktabi oldida hali ularning hech qancha tajriba va bilimi yo`q. Shuning uchun ham tanlovda yordamlashish sizning birinchi vazifangiz. Shuncha yigit-qiz orasidan bolangizga munosibini qanday saralab olasiz, shu haqda gaplashamiz.

1-qoida. Avvalo o`z oilangizning ijtimoiy, moddiy jihatlarini taftish qilib oling.

Qiz uzatayotganga: deylik, sizning oilangiz ziyolilar oilasi, yoki bo`lmasa moddiy ta`minoti o`rtahol. Orzu-havasni o`ylamang, o`zingizga, qizingizga aniq baho bering. Albatta, hamma ham bolasini o`zinikidan ham yaxshiroq oilaga bergisi, qudalari el-yurt ichida obro` topgan bo`lishini istaydi. Ammo ajrashishlarga olib keladigan juda ko`p vaziyat imkoniyatlarning teng darajada emasligidan kelib chiqadi.

Qizingiz o`qishda a`lo baholarga o`qiyotgan bo`lsa-yu, qudalaringiz kontrakt to`lash mashaqqatiyu bilim olish mohiyatidan bexabar bo`lsa, uni hatto o`qishga jo`natmay qo`yishlari mumkin. Yo o`qishni bitirgandan so`ng bir kun ham ishlatmaslik ehtimoli bor. «Voy, sizdan hech narsa kerakmas» degan qudangiz 10 ta tog`orasiga oshirib javob qaytarmaganingiz uchun qizingizni ko`zini ochirmay qo`yganida, «Tengimizga bersak bo`larkan», deb attang qilib qolmang. Sovchilar kelganida, «Dadamiz undoq, qizimiz bundoq», deb maqtovga berilmang, ularni diqqat bilan tinglab, jur`at bilan solishtirib ko`ring.

Kelin tushirayotganga: sovchilikka kelganingizda sizda kelin bo`lmishning uy-joyi, turish-turmushi, dasturxoni haqida aniq tasavvur hosil bo`ladi. Ko`nglingiz to`lmayotgan ekan, siz uchun bular alohida ahamiyatga ega ekan, avvalboshdanoq ikkilanmang. Chunki ichki noroziligingiz oxir bir kun nizolarga sabab bo`lishi mumkin. Agar bolangiz o`qigan, ishlayotgan bo`lsa-yu, qiz hali hech birini mukammaliga yetmagan bo`lsa, o`ylab ko`ring. Sizning yana bir farzandga investisiya kiritishga, uning oyoqqa turishini kutishga qurbingiz va sabringiz yetadimi? Agar keliningiz uyda o`tirib, yumushlaringizni qilishi, sizga nabira tug`ib, avlodingizni davom ettirishi muhimroq bo`lsa, niyatingizni boshidan ayon qiling. O`g`lingizning yoniga kirib, ham oilada, ham jamiyatda sizga rohat va obro` olib keladigan kelin tushirishni istasangiz, unda ana shunday maqsadi bor qizni izlang. Unutmang, va`dalarni hamma qudalar beradi, faqat yaxshi va mard insonlargina so`zining ustidan chiqadi.

2-qoida. Ish joyi, hunari, ma`lumoti aniq bo`lmagan kuyovga qiz bermang/kelin olmang.

Qiz uzatayotganga: bir yil o`tmay qizingiz bolasi uchun kasha, pampers, dori so`rab, sizga yig`lamasligi uchun oldindan kuyovning mustaqil oila boshqara olish imkoniyatini o`rganing. «Ertaga katta biznes boshlayman», «Indinga katta idoraga suhbatga borib keladi, ishi aniq bo`lib qoldi» kabi gaplarga ishonmang. Erlarning bir ishning boshini tutmaganligi uchun ham yosh kelinlar norasidasi bilan ota uyiga qaytib keladi. Agar yigit qizingizni sevsa, qudalaringiz eshigingizni qoqaversa, ayting: «Kuyov bo`lmish avval ishga kirsin!»

Kelin tushirayotganga: erkak va ayol moddiy farovonlikka erishish uchun birdek mehnat qilayotgan hozirgi zamonda ayolning ham qo`lida diplomi yoki hunari bo`lsa, oilasining bir turmushi ikki hissa yaxshilanadi. Bir uy xotin uyda o`tirib, kelinlaringiz bir qozonga ovqat solishni sansalor qilib, bir-biri bilan jiqqa musht bo`lganidan ko`ra, ishlab, o`z kamini rostlab yurganiga nima etsin! Hozir qizlar kollejni bitirib, ish joyiga ega bo`lmoqda. Darrov «Ishlaydigan kelin kerakmas» demang, vaqti kelib, koringizga shu kelinlar yarashi bor gap.

3-qoida. Ona, bu — har qanday oiladagi hal qiluvchi kuch.

Kuyov (kelin)ni mahalladan qanchalik surishtirsangiz, uning onasini ham qo`ni-qo`shnilar, hamkasblari orasida qanday o`ringa egaligini o`rganib chiqing. Uyalmang, «Oyilari qanaqa inson?» degan savolga har kim qanday javobni berayotganiga diqqat qiling. Chindan ham maqtovga arzigulik insonni, hatto, eng yomon qo`shni ham yomonga chiqarolmaydi. Ammo biror tuzukroq ta`rif berolmay, «Ha, yaxshi oila, yana surishtirib ko`ring», deb er chizib turishgan bo`lishsa, aql ko`zingizni kattaroq oching. Nafaqat «Onasini ko`rib, qizini ol» maqoli, balki «Onasini ko`rib, qizingni ber», degan gap ham o`z hayotiy isbotlariga ega.

4-qoida. O`g`lingizning (qizingizning) tanlagani bo`lsa ham, sinovdan o`tkazishdan tortinmang.

Qiz uzatayotganga: xuddi boshqa yigitlar kuyovlikka nomzod sifatida qanday talablarni bajarishi kerak bo`lsa, bu yigit ham xuddi shu prinsiplaringizga mos keladimi, yo`qmi, o`ylab ko`ring. Yigitning ko`kragidan itarmang, lekin qizingiz bilan erkin gaplashib yurishiga ham qo`yib bermang. U bilan ochiq suhbatlashing, ko`p gap ochiq muloqotda ayon bo`ladi. «Sevib qolgan yigit»ga oson tutmang, uning qo`ynini puch yong`oqqa to`ldirmang, bo`ladigan ish bo`lsa, bu haqda qat`iy inkor qaror qabul qilsangiz ham, uni aytishni cho`zib o`tirmang. Mujmal takliflar bilan kelgan «sevib qolgan yigitning sovchilari»ni kutib, qizining umrini o`tkazgan qancha ota-onalar bor yoki «Xo`p yigitcha, opangiz uzatilsa, o`ylab ko`ramiz», deb va`da berib, shartta qizini boshqasiga unashtirib qo`yadiganlar ham oramizda ko`p. Qizingizning ko`ngliga ham quloq soling, agar u tanlovda tajribasizlik qilgan bo`lsa, baqir-chaqir qilmasdan nima uchun rozi bo`lmayotganingizni qulog`iga quyib boring. Ana shunda kuyoviga ko`ngli bo`lmay uzatilgan qiz turmushning birinchi mushti tushgandayoq, hammasiga sizni ayblab, to`rvasini yig`ishtirishga tushmaydi.

Kelin tushirayotganga: bolangizning royishini qaytarmang, ko`pincha onalar o`g`li sevib qolgan qizning uyiga borib, o`zini notabiiy tutadi, yalinib o`tirmayman, degandek muomala qiladi. Oilaviy hayotni lotoreya deydigan bo`lsak, agar o`zi tanlamagan bo`lganda ham, siz topib bergan qizning ham qancha kamchiligi bo`lishi mumkin edi-ku! Shu haqda o`ylang, agar rostan ham bu oiladagi muammolarni aniq ko`rayotgan bo`lsangiz, farzandingizga tushuntiring, unga boshqa qizlarni ko`rsating. Solishtirish orqali echimni o`zgartirishi mumkin.

5-qoida. Shoshilmang!

Qiz uzatayotganga: qizlarning sovchisi bosib keladigan bir payt bo`lishi haqiqat, biroq bu payt 17 yosh emasligini yoddan chiqarmang! Singlingiz qizini chiqarmasidan oldin siz ham bolangizni uzatishingiz shart emas! Tanlovda adashmaslik, qizingizni qiynab qo`ymaslik uchun ham to`yga shoshilmang. «Bundan yaxshisi kelmasligi mumkin», deya qaror chiqarmang. Uyni tozalash, ovqat pishirish, muomalaga kirishishini, salomatligini tekshiring. Xom-xatala mevalardan kompot yopsangiz, otib yuboradi-ku, bolangizning ham oilaga tayyor-tayyor emasligini zimdan kuzating.

Kelin tushirayotganga: o`g`il bolalar uylanish yoshiga etganida, qiz tanlashda shoshib qoladi. Birinchi uchrashuvga chiqqan qizi eng yaxshisidek tasavvur uyg`otadi. Shunday ekan, tanlovni etti o`lchab, bir kesish bilan amalga oshiring. Eng muhimi, sizning qiz chiqaruvchidan bir ustunligingiz bor, o`g`il bolalarda yosh bilan bog`liq muammo yo`q, shuningdek, qaerga sovchilikka borish va kimni so`rashni o`zingiz hal qilasiz. Bolangizning orzu-havaslariga uchib, yoshgina qizni kelin qilishga shoshilmang. Ayolning itoatli bo`lishiga yoshning ahamiyati yo`qligini tushuntiring. Yana bir muhim jihat, o`zingizga savol berib ko`ring: o`g`lingiz uylanishga tayyormi? Uyga har kuni hech bo`lmaganda 4 ta issiq non ko`tarib kelishni, vaqti bemahal ota-onasiga moddiy ko`mak berishni odat qildimi? Oilaviy suhbatlarda erkin va mustaqil fikriga egami? Odamlar, ayollar bilan munosabatga kirishayotganda bosiqlik bilan murojaat qilayaptimi? Javobingizning ijobiy bo`lsa, uning nomini aytib sovchilikka yuravering.

6-qoida. Oilada qancha farzand ekanligi baxtni belgilamaydi.

Oxirgi paytlarda «Bolasi kam oilalarga qiz beraman (kelin olaman)» deyuvchilar ko`payib ketdi. Qizingiz (o`g`lingiz)ning baxtini qarindoshlarning nechtaligi belgilamaydi. Yolg`iz o`g`ilga tegib turib ham, qaynonasining tilini topolmay, orqaga qaytganlar qancha. Katta dargohga kelin bo`lib ham, hayotidan mamnun yashayotganlar son mingta. Yoki bo`lmasa, «Yolg`iz qiz bo`lsa, topgan-tutganini menikiga tashlaydi», deb o`ylasangiz, umuman qizining hayotiga moddiy ko`mak bermaydigan qudalar ham talaygina. Rizq-nasiba, uy-joy kabilarni atrofdagilar kimdir qilib berishi haqida o`ylamang. Agar qizingiz (keliningiz) va kuyovingiz (o`g`lingiz) mehnat, bilimdan qanday foydalanishni yaxshi bilsa, oila a`zolarining sonining ko`pligi ularni baxtli yoki alohida yashashiga to`sqinlik qilmaydi.

7-qoida. Qizingiz (o`g`lingiz)ning orzulari bilan hisoblashing.

Agar ular o`qimoqchi, biror ish boshlamoqchi bo`lsa, uning orzu-niyatlarini bo`g`mang. Yordam bering, ko`maklashing, uning maqsadlaridan qudalaringizni ham ogohlantiring. «Yoshing o`tib ketadi», deb qizni ilm yo`lidan borishiga, «Ayol boshing bilan sex ochasanmi?» deb tadbirkorlik qilishiga to`sqinlik qilmang. O`g`illaringiz kabi qizingiz ham nafaqat o`zining, balki sizning ham kelajagingizdir. Shuning uchun ham farzandlaringizga bepisandlik bilan qarab, faqat tezroq egasiga topshirib olish yoki uylantirib qo`yish haqida o`ylamang. Nikoh yulduzi osmondan tushguncha yigit ham, qiz ham o`zini tiklab olsin, jamiyatda qaddini rostlasin.

8-qoida. Qiz uzatayotganda, kelin tushirayotganda ta`ma va ta`nani yig`ishtirib qo`ying.

Qiz uzatayotganga: agar siz «Kuyov tomon qalin puli kam berdi», «To`yni yaxshi joyda qilib bermadi», «Qo`ygan sarposidan uyaldim»kabi gaplarga o`ralashsangiz, qizingiz o`sha kayfiyatda yangi uyga kirib boradi va avvaldan negativ xulosalar bilan hayotini boshlaydi. So`ng bir kun bu gaplarning hammasi qizingizning tilidan chiqib, quda taraf qulog`iga etadi. Siz kamchiliklarga ko`zingizni yuming, qudangiz ham sizning kam-ko`stingizga ko`nsa ajabmas.

Kelin tushirayotganga: tarixdan ma`lum, manaman degan qudadan qiz olsangiz ham, qiz tomon ko`nglingizdek  uyingizni to`ldirib, istaganingizdek ko`nglingizga yo`l topolmasligi aniq. Axir imkoniyat va did, qarashlar va qadriyatlarni hamma o`zicha tushunadi va baholaydi. Qaynonachilik, qudachilik shunisi bilan qiziq-da. Kelin tomon ham nimani qoyillatib, nimada sust bo`lganini o`zi yaxshi biladi, shuni tilga chiqarmasangiz, keliningiz sizni ichdan yaxshi ko`radi, qudangizning hurmati oshadi.

9-qoida. Ideali topilmasligi aniq, biroq yaxshi oilani qidirsangiz, albatta, topasiz.

Qiz uzatayotganga: yaqinda bir qizning onasi «Bir yigit va uning oilasi juda ko`nglimga o`tirishadi, agar o`shalar so`rab kelsa, albatta qizimni berardim, afsuski, bizda qiz tomondan borib bo`lmaydi» deganini eshitib qoldim. Ko`plab davlatlarda qiz tomon ham sovchilik qilib, so`rab borishi milliy qadriyatdir, hatto dinimiz tarixida ham bunday holatlar bo`lgan. Shunday ekan, yaxshi oila ekaniga ishonch hosil qilsangiz, o`rtaga xolis bir kishini guvoh qilishingiz, ishni ijobiy hal etishingizning hech bir nojoiz tomoni yo`q, nazarimizda.

Kelin tushirayotganga: qiz qidirayotganingizni hammaga xabarlang, qarindosh-urug`lardan yordam so`rang, to`y-hasham, marosimlarda qizlarning o`zini tutishi, muomalasini kuzatib boring, ana shunda vaqtni besamar o`tkazmagan bo`lasiz. O`g`lingizni uylantirishga etarli mablag` to`plab, aniq reja tuzgan chog`ingizda shoshib qolmaysiz. Oilalarni solishtirish, qizlarni taqqoslashga imkoningiz bo`ladi.

10-qoida. Maslahatli osh tarqamas.

Har bir oilaning o`z qarashlari, qat`iy talablari bo`ladi. Masalan, kimdir san`atkorga qiz bermayman, otasi bo`lmagan oilaga quda bo`lmayman, sevganiga uzatmayman, deb oldindan chegarani aniq chizib qo`yadi. Biroq hayot, bu — yozilmagan ssenariy, kulminasiyasi va yakuni qanday bo`lishini hech kim bilmaydi. Kutilmaganda o`zingiz istamagan vaziyatga ro`baru bo`lib qolasiz. Shunday vaziyatlarda oilaning kattalari maslahatiga quloq tuting, ko`pchilikning fikrini o`rganishdan erinmang. Ular sizga bir echimni ko`rsatib berishi aniq.

UMX.UZ Qiz uzatish, kelin tushirishning 10 muhim qoidasi

Ctrl
Enter
Заметили ошЫбку
Выделите текст и нажмите Ctrl+Enter
Комментарии (0)
Топ из этой категории
home-page--v1 messaging- store tasks--v1